Nurullaboy saroyi

Xiva xonlari XVI asrdan XX asrgacha bir qancha saroylar, qabulxonalar, haramlar qurdirib, o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarni go‘yo avlodlarga ta’kidlab ko‘rsatayotganday tuyuladi.

Xivadagi Nurullaboy saroyi eng hashamatli, eng jozibali, eng ko‘rkam va maftunkorligi bilan boshqa saroylardan ajralib turadi. Ichan Qal’ada imoratlar soni ko‘payib, yangi-yangi bog‘–rog‘li joylar qurish imkoni kamaygach, Muhammad Rahimxon I o‘z o‘g‘illari Mahmud to‘ra, Muhammad to‘ralarga shaharning g‘arbiy tomonidan hovli joylar qurib beradi.

Sayid Muhammad to‘ra xon bo‘lgach, (1856 y) esa bu uylarga yaqin joyda bir ko‘rinishxona qurilishini vaziri Xasanmurod Qushbegiga topshiradi. Bayoniy va Ogahiylarnig yozishicha “Nurullaboy” nomi bilan mashhur bog‘dagi yangi imoratlarning kun chiqar tomonida qurilgan bu ko‘rinishxona juda chiroyli bo‘lib, unga Ogahiy shunday tarix aytgan: “Ko‘rinishxona u valo” (ulug‘ ko‘rinishxona) ushbu so‘zlardan abjad hisobi bo‘yicha hijriy 1276 melodiy 1859 yillar topildi. O‘z davrida ko‘rinishxonada yoz paytida ochiq havoda qabul marosimlari o‘tkazilgan.

Sayid Muhammadxondan keyin taxtga ko‘tarilgan o‘g‘li Muhammad Rahimxon II (1864-1910) xivalik savdogar boy Nurullaboydan bog‘ini sotishni so‘raydi. Shunda Nurullaboy xonga, u avvaldan xalq o‘rtasida bo‘lib kelgan «Nurullaboy bog‘i» nomini o‘zgartirmasa sotishini aytadi. Xon rozilik bildiradi va bog‘ni sotib oladi.

Shunday qilib «Nurullaboy» nomi saqlanib qoladi. Muhammad Rahimxon II Nurullaboy bog‘i ichida o‘g‘li Isfandiyorxon uchun katta bir saroy va haram (haram-xos joy, nomahramlar kiritilmaydigan joy, ichki hovli) qurdiradi