Polvon darvoza

Shaharning sharqiy tomonidagi uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan eng qadimgi darvoza. Qadimda bu darvoza shaharning bosh kirish eshigi bo‘lib, uni bitta mirshab boshchiligida ettita navkar qo‘riqlagan. Qal’a devorining atrofini Amudaryodan keladigan suv bilan o‘rab olgan kanal bo‘lgani uchun, darvoza oldida kechalari ko‘tarib qo‘yiladigan ko‘prik bo‘lgan. Bu darvozaning mirshabi xon saroyi Arkning darvozasidagi mirshab bilan teng miqdorda maosh olgan. 
Darvoza 1806 yilda Eltuzarxon tomonidan pishgan g‘ishtdan qayta qurilgan. Olloqulixon madrasasining qurilishi   natijasida ichki sahni uzaytirilgan. Chiroyli koshin plitkalar bilan bezatilgani uchun «Gul darvoza» nomini ham olgan, shuningdek, xalq uni “Darvozai sharqiya”, “Poshshob darvoza”, “Qorong‘u darvoza” nomlari bilan ham atagan. Darvoza ichida savdo rastalari, qorovulxonalar joylashgan. Ichki uzunligi 52, eni 7  metr. Bu darvoza oltita gumbaz bilan bostirilgan bo‘lib, har gumbaz ostida (janub va shimoliy tomondan) ikkitadan hujralar qurilgan, bu hujralar va darvoza yo‘laklari bozor vazifasini bajargan. Polvon darvoza deb nom olishiga  bu darvozadan Pahlavon hovuziga va Pahlavon Ahmad Zamjiy qabristoniga chiqilishi sabab bo‘lgan.  Darvozaxonaning har ikkala tomoniga o‘rnatilgan katta darvoza eshiklari ustiga chiroyli koshinlar o‘rnatilgan bo‘lib, bu koshinlarga bir xil o‘lcham va mazmundagi yozuvlar yozilgan.    
Bugungi kunda Darvoza ichida savdo shoxobchalari bo‘lgan do‘konlar ochilgan.