Tohir eshon maqbarasi

XIX asr o‘rtasida qurilgan ushbu Tohir xo‘ja eshon maqbarasi Muhammad Aminxon madrasasining qiblasida, shahar qal’a devoriga yopishtirib qurilgan. Bir gumbazli maqbaraning peshtoqi sharqqa qaragan.  Maqbaraning ichida ikkita mozor bo‘lib, ikkinchisida Fathulla eshon dafn qilingan. Tohir eshon Olloqulixonning piri ekanligi, uning karomati haqida xivaliklarda birqancha afsona va rivoyatlar to‘qilgan. 
Olloqulixon  1826 yil oxirida Xurosonga yurish etib, uning   Jom tog‘i  etagidagi Umg‘on qal’asini olib, g‘alabadan shodligini bildirish uchun Xivadagi piri Tohir eshonga maktub yo‘llaydi. Maktub shunday  boshlanadi: - “Haqoyiq va maorifpanoh (haqiqat va ma’rifatni himoya qiluvchi), kamolot va latoyifdastgoh (go‘zal so‘z va fazilat egasi), kashshofi asrori ilohiy (Allohning sir-asrorlarini kashf qiluvchi, ochuvchi) Tohir xo‘ja eshonimizga sadoqatli salomimizdan so‘ngra...”.  
Haqiqatan ham xonlik davridagi xivaliklar  juda irimchi va xurofotga berilgan bo‘lib, afsona va rivoyatlarga ishonishar, ularni jon – dilidan  gapirib, tinglashar  edilar.  
Maqbara Mustaqillik yillarida Ichon-qal’a mahallasining fuqoralar yig‘ini raisi Sobir arqonchi (Sobirjon Hasanov) tomonidan  qayta tiklandi.