Ya’qubboy xo‘ja madrasasi

Ya’qubboy xo‘ja o‘zining madrasasini Ichon-qal’aning o‘rtasida joylashgan Pahlavon Mahmud maqbarasining shimoli - g‘arbiy tomonidagi qorixonalar bilan  bir qatorda, ko‘kimtir - yashil «bantik»lar bilan bezatilgan peshtoqini g‘arbga qaratib qurdirgan. Shuning uchun ham adabiyotlarda bu madrasa musulmonlarning muqaddas qadamjosi bo‘lgan Pahlavon Mahmud maqbarasi kompleksi jumlasiga kiritilgan. 
Devorlari pishgan g‘ishtlardan terilib, oralari hajja bilan suvalgan va asosiga er osti namgarchiligidan saqlanishi uchun marmardan gidroizolyatsiya qatlam qilingan. Madrasa oddiy qilib to‘rtburchak shaklda qurilgan. Uning kirish dahlizi bittagina xonadan iborat bo‘lib, ichki xovliga arksimon ochiqlik orqali chiqiladi. Madrasa hujralarining o‘lchamlari har xil bo‘lib, jami 9 ta. O‘rta hovlining shimoli – sharqiy burchagida to‘rtburchak shaklda qurilgan masjid joylashtirilgan.  
  Ushbu madrasa peshtog‘idagi kabi deyarlik barcha imoratlarning devorlariga naqsh sifatida to‘q yashil rangli (ko‘zmunchoq) bantiklar o‘rnatilgan. Bu bantiklar ikkita uchburchak va bitta to‘rtburchak shakllarning yig‘indisidan hosil qilingan bo‘lib, ularning o‘ziga xos ramziy ma’nolari bor.  
Bantik – javonmard (saxiy, mard yigit)  timsoli. Uning mustahkam gavdasi donishmandlik belbog‘i bilan o‘ralgan va u qudratli himoyachidir. 
Bu madrasada     YuNESKO ning tashabbusi bilan 2003 yilda ochilgan qadimgi usulda, tabiiy bo‘yoqlar tayyorlash va ipak tolasidan  qo‘lda gilamlar to‘qish ustaxonasi ishlab turibdi.