Ichon-Qal’a haqida

“Xorazm noyob madaniyat, nafis san’at, yuksak ma’rifat, turmushning dono falsafasi va insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan adabiyot va sheriyat maskani, dunyoviy ilm o‘choqlaridan biri...

Xorazm vohasining tarixiy-madaniy merosi bevosita Xiva shahri bilan bog‘liqdir”.

                                                                                                                                  Islom Karimov

Dunyoning qadimiy shaharlaridan biri, xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Shahar hududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga taalluqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan va ular Davlat muhofazasiga olingan.

Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib, uning o‘tmishidagi taqdiri, me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha - Xorazmning tarixiy, madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir.

Betakror Xiva shahri sharq xalqlarini qadimiy madaniyati beshigi bo‘lgan Xorazmning ko‘p asrlik me’moriy qurilish an’analarini meros qilib olgan Xorazm me’morlari san’ati va mehnatining ijodiy yakunidir.

Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda YuNESKOning Kanadada bo‘lib o‘tgan 14 sessiyasining maxsus qarori bilan Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Butun jahon merosi” sifatida ro‘yxatga olingan. 1997 yilda mamlakatimizning ikki azim va buyuk shahri Buxoro va Xivaning 2500 yillik yubileylari YuNESKO rahnamoligida dunyo miqyosida keng nishonlanishi bu shaharlarning butun dunyoda e’tirof etilganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonning eng ko‘hna muzeylaridan biri bo'lgan Xiva “Ichan-Qal’a” tarixiy me’moriy Davlat muzey-qo‘riqxonasi 26 ga maydonda joylashgan bo‘lib, “Ichan-Qal’a”ning ko‘hna devorlari bilan o‘ralgan.

Muzey – qo‘riqxona hududida 54 ta mangulikka daxldor tarixiy me’moriy obidalar, 360 xonadonda 2600 nafar aholi istiqomat qiladi.

Xiva Ichan-Qal’a tarixiy me’moriy Davlat muzey qo‘riqxona ekspozitsiyalari Ichan-Qal’a hududidagi tarixiy me’moriy obidalarda joylashgan.

1920 yil 27 aprelda Xiva Davlat muzey sifatida tashkil topgan. Bu dargoh 1924 yildan 1967 yilgacha Xorazm inqilobi tarixi muzeyi, 1967 yildan Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Xiva haqiqiy tarixiy me’moriy muzey–qo‘riqxona sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Muzey–qo‘riqxonaning 69 ta zalida joylashgan 14 ta mustaqil ekspozitsiya Xorazm va Xiva tarixining ma’lum bir davrlarini aks ettirib, uning jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini ochib beradi.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tomonidan 1984-1993 yillarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar davrida shaharning yoshi aniqlangan. Xiva shahrida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasi shuni ko‘rsatadiki, “Ichan qal’a” hududi eramizdan avvalgi V asrda paydo bo‘lgan. Shaharning eng pastki qatlamida topilgan ashyolar (sopol buyumlar va qalin paxsa devorlar) shundan dalolat beradi. Shahar devorlari ostidan topilgan madaniy qatlam, sopol buyumlar va katta hajmdagi xom g‘ishtlar shaharni 2500 yoshda ekanini tasdiqlaydi.