Islom Xo‘ja madrasasi va minorasi

Ushbu  madrasa va minora  XX asr boshida Vaziri Akbar Islom xo‘ja tomonidan  qurilgan.   Madrasa 42 ta hujradan iborat bo‘lib, unda 100 ta talaba o‘qigan. Uning old tomoni ikki qavatli bo‘lib, baland peshtoqi madrasani hashamatli qilib ko‘rsatib turibdi. Islom Xo‘ja madrasa   vaqfi uchun o‘z mulkidan 14451 tanob (5780 gektar) er ajratgan. 
Madrasa kirish eshigining ustiga marmar namoyon mahkamlanib, unga madrasaning qurilish  tarixi bitilgan.  
Madrasa koshinlarini tayyorlagan usta o‘z nomini kirish eshigining chap tomonidagi  koshin plitkalardan bittasiga yozib qoldirgan. “Esh Muhammad ibn Xudoy Berdi  1328”. (1910 yil).   
Madrasada  hozirgi vaqtda Xorazm Amaliy San’ati muzeyi joylashgan. Unda XIII - XX asrlarga oid  bo‘lgan   bebaho san’at durdonalaridan  yog‘och o‘ymakorligi, to‘qimachilik, gilamchilik, mis o‘ymakorligi, zargarlik buyumlari kabi to‘plamlarning   namunalari namoyishga qo‘yilgan. 

Islom xo‘ja minorasi

    Islom xo‘ja madrasasi oldida qurilgan minora o‘zining hashamati va chiroyi bilan tomoshabinni hayratga soladi. Minoraning balandligi 51 metr bo‘lib, uning qurilishiga yarim million g‘isht ishlatilgan.   Minoraning  tepasi bejirim karniz va qubbali fonus bilan tugallangan. Fonus yuzasi turli shakldagi sopol-g‘ishtchalar bilan hoshiyalangan, ularning orasi esa rang- barang sirkor koshinlar bilan to‘ldirilgan. Fonus va karniz yashil-zangori, lojuvard (moviy) va oq rangdagi sirkor g‘ishtchalar bilan qoplangan.  Xivaliklar  “Xo‘jani minorasida to‘rt fasl va o‘n ikki oyning bezagi bor” –deb ta’riflaydilar. Minoraga aylanma zinapoya orqali (balandligi 35 – 40 sm., 118 ta zinapoya) ko‘tariladi. Ichkariga yorug‘lik tushib turishi uchun aylana bo‘ylab 10 ta tuynuk ishlangan. Yuqorisining umumiy kuzatuv maydonchasida   6 ta panjarali deraza o‘rnatilgan.  Minorani   14 ta koshinli   belbog‘i   bezab turibdi.   Uning tepasiga balandligi ikki yarim metrlik misdan ishlangan qubba qo‘yib,   ustiga shamol harakatiga qarab aylanib turadigan hilol oy tasviri o‘rnatilgan. 1997 yilda bu o‘nta bo‘lakdan iborat bo‘lgan qubba erga tushirilib, tilla suvi bilan qoplandi va o‘q teshib o‘tgan joylari ta’mirlandi. 
  Minoraning qurilishiga shoir Niyoziy tarix bitgan va uni xonning buyrug‘i bilan marmarga yozib, minoraning erdan chamasi o‘n metr balandligida o‘rnatishgan.