Ko‘hna Ark

Ko‘hna ark – Xivaning qadimiy qal’asi bo‘lib, ichon qal’adagi xon saroylaridan biridir. Qal’aning paydo bo‘lish tarixi Xiva shahri tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ayrim tarixiy manbalarda qal’a va shahar qurilishi bir paytda boshlangan deb ko‘rsatilgan. Biroq Ark hududida faqat XIX asrga oid bir necha bino saqlanib qolgan, xolos. Arkda xon va amaldorlarning uy-joylari, davlat idoralari bilan bir qatorda ko‘rinishxona, zarbxona, yozgi va qishgi masjid, haram, aslahaxona, o‘q-dori tayyorlanadigan ustaxona, omborxona, otxona, oshxona, zindon va qo‘chqor urishtiradigan mahsus maydon ham bo‘lgan.

Xiva xonlarining taxtini 1873 yili Xorazmning boshqa milliy boyliklari qatori Peterburgga olib ketilgan. Taxt Moskva saroy idorasining tavsiyasiga ko‘ra 1874 yilning iyul oyida Kreml muzeyining qurol-aslaha palatasiga qo‘yiladi. U yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, xiva naqqoshligiga xos uzluksiz jimjimador bezaklar tushirilgan kumush “tasma” va taxtachalar bilan bezatilgan. Taxtning orqa suyanchig‘iga romb shaklida taxtacha o‘rnatilgan va unga arab yozuvida “Xiva viloyatidagi Xorazm sultoni Muhammad Rahim hukmdorligi davrida Ollohning itoatkor quli Muhammad tomonidan ishlandi” so‘zlari bitilgan.

1811 yil sanasi taxtning yog‘och oyog‘ida ko‘rsatilgan. Ko‘hna ark ichida haram ham qurilgan bo‘lib, u janub tomondan turarjoy binolari bilan qurshab olingan. Xovlining shimoliy qismida cho‘ri va kanizaklar turadigan ikki qavatli uylar saf tortgan.

Rivoyatlarga ko‘ra, oq shayx bobo tepaligi XIV asrda yashab o‘tgan Shayx Muxtor Valining qadamjosi bo‘lgan. Bino 1991 yilda qayta ta’mirlandi. Hozirda sayyohlar baland ayvon orqali Xiva mo‘jizalarini tepadan tomosha qilmoqdalar.