Qozi - kalon madrasasi
Qozi – kalon   madrasasi 1905 yilda  Xiva  xonining  bosh  qozisi  Muhammad  Salim  Oxun  tomonidan  qurdirilgan. Salim oxun 30 yoshida Xiva shahrining bosh qozisi mansabiga ko‘tarilib, o‘zining kuchli bilimi va iqtidori tufayli umrining oxirigacha uzoq yillar bu mansabda ishlagan. Madrasaning bosh   fasadi  shahar  ko‘chasiga  qaragan  mo‘’jazgina  bu inshoot g‘arbiy va sharqiy  darvozalarni  ko‘ndalang  o‘qini  bir- biri  bilan  birlashtirib  turadi. Madrasaning  burchak  devoriga  tashqi  tomondan  tirgak  sifatida  to‘rtta guldasta  qurilgan.  Guldasta  oq, ko‘k va yashil koshin  qoplamalari  bilan  bezatilgan.       Baland  peshtoq  ostidagi  kichikroq  darvoza (o‘yma eshik, qo‘sh tabaqali) orqali usti yopiq 3 ta  gumbaz  bilan  bostirilgan  miyonsaroyga  kiriladi. Madrasaga kirilgach chapda darsxona,  o‘ngda   masjid joylashgan bo‘lib, uning  16 hujrasi  bor.  Hujralarning  eshik  va  derazalari  ayvon  tomonga  qarab  qurilgan.  Har  bir  hujrada  o‘choq  bor. Ayvonda  quduq bo‘lib  chuqurligi  8-10m.  Madrasaning  tashqi  va  ichki  peshtoqlarida  arab  alifbosida  falsafiy  ma’nodagi  yozuvlar  bor.  Madrasa  o‘z  qiyofasi  va  sahni  bilan  uncha  katta  bo‘lmasada  o‘qitish  uslubi  bilan  boshqa  madrasalardan  farq  qilgan. Unda diniy  bilimlar  bilan  bir  qatorda  fiqh-shariat qonunlari,  turli  zakot  va  soliqlar  yig‘ish,  yani  huquqshunoslik  bilimlari  berilgan.
Hozirda bu madrasada «Xorazm musiqa tarixi” muzeyi joylashgan.