Shayx Kabir masjidi

XIX asr oxirida bitkazilgan ushbu masjid Shayx Kabir – buyuk alloma, Kubroviya tariqatining asoschisi, XII –XIII asrlarda yashagan Ahmad ibn Umar – Shayx  Najmiddin Kubroning nomiga qurilgan yodgorlikdir.
Masjid  XX asrgacha kengayib borgan Pahlavon Mahmud maqbarasining atrofidagi qabriston hududida, aniqrog‘i, maqbaraning shimoli – g‘arbiy  qismida joylashgan.  
Shayx Kabir masjidi   mashhur va eng uzoq xonlik qilgan Muhammad Rahimxon II buyrug‘i bilan bitkazilgan. 
Shayx Kabir masjidining hajmiy kompozitsiyasi shimol – janub yo‘nalishida bo‘lib, masjid eshigi g‘arbiy tomondan bo‘lgan katta bir xonaqodan iborat.
Masjidning eng chiroyli arxitekturaviy elementlari – yog‘och o‘ymakori eshigi,   gumbazning burchaklaridagi muqarnaslari, xonaqo ichidagi mehrob tepasiga o‘rnatilgan ko‘fiy yozuvidagi epigrafik bitiklar va alohida qurilgan masjid ayvoni bo‘lib, ayvonning qibla devoriga ishlangan mehrob va tokchalari, hamda ayvonga o‘rnatilgan chiroyli yog‘och ustunlari hisoblanadi