TOSHBOSMADA NASHR QILINGAN KITOBLAR KO'RGAZMASI

 Ichan-Qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi  “ Hukumdor va Shoir” bo‘limida  vaqtinchalik yangi ko‘rgazma ish boshladi.
    Ma’lumki,  Muhammad Rahimxon Soniy – Feruz tashabbusi bilan O‘rta Osiyoda birinchilardan  bo‘lib  Xivada toshbosma usulida kitob chop etishning yo‘lga qo'yilganligi ilm-fan, madaniyat  , ma’rifat va adabiyot targ‘ibotida katta ahamiyat kasb etgan.  O‘sha davrda nashr etilgan nodir kitoblar namunalari bugungi kunda  nodir eksponat sifatida asrab –avaylab kelinmoqda. Ulardan ayrimlari  ko‘rgazmada namoyishga  qo‘yilgan.
     Muzey xodimlari, sayyohlar ishtirokida  ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Muzey- qo‘riqxona direktori Alisher Ismoilov rejaga muvofiq amalga oshirilgan xayrli ish bilan ishtirokchilarni qutlash barobarida tashkilotchilarga  minnatdorchilik  va ezgu tilaklar bildirdi.
       Shundan so‘ng muzey- qo‘riqxona ilmiy kotibi , tarixchi olim Komiljon Xudoyberganov, bo‘lim mudirasi Dilfuza  Toshpo‘latova bosmaxona faoliyati, namoyishga qo‘yilgan  toshbosma usulida chop etilgan  kitoblar ,  ularning mualliflari haqida ma’lumotlar berishdi.
     Joriy yil oxirigacha namoyish etiladigan ko‘rgazma  muzey shaharga tashrif buyurgan sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.