Xiva – jahondagi ko‘hna shaharlardan biri bo‘lib, me’moriy obidalarining yaxlitligi bilan ajralib turadi. XX asr boshlarida Xiva xonligida ham zamonaviy binolar qurila boshlangan. Shulardan biri 1912 yilda Nurullaboy nomi bilan mashhur bo‘lgan bog‘da Isfandiyorxon tomonidan bunyod qilingan. Qabulxona chet ellik mehmonlarni qabul qilish maqsadida evropacha hamda sharqona uslubda qurilgan.
Saroy etti xonadan iborat bo‘lib, eshik, deraza va parket pollarini nemis ustalari tuzatishgan. Qabulxona xonalari ichki bezaklari bir biridan farq qiladi. Devor va ganch o‘yma ishlarini mahalliy ustalar bajarishgan. Shiftlardagi Evropa usulida yasalgan gullar va farishtalar rasmini rus rassomlari yasashgan, undagi musulmon dinida ruxsat etilmagan farishtalar rasmini yasashga xonning vaziri akbari, Islom Xo‘ja ruxsat etgan. Islom Xo‘ja zamonasining o‘qimishli, ilg‘or fikrli kishisi bo‘lgan.
Mehmonxonaning ikkinchi xonasi ziyofat uchun ajratilgan bo‘lib o‘lchamlari 8x14m balandligi 6 m, to‘rtinchi xonada xonning qabulxonasi joylashgan bo‘lib, bu erda har xil shartnomalar imzolangan. Sakkiz burchakli “yumaloq zal” deb yuritilgan bu xonaning diametri 10 m, balandligi 7 metrdir. Xon davrida bu xonaning har burchagida bittadan 1,5x3 metrli ko‘zgu qo‘yilgan. Bu xonaning shifti yog‘ochdan ishlangan bo‘lib, nihoyatda ustalik bilan nafis geometrik shakllar va o‘simliksimon naqshlar bilan oltin suvi berib ishlangan. Shiftni bezashda xivalik ustalar mahorat ko‘rsatishgan, shiftning pastidan devorlarga o‘rnatilgan to‘lqinsimon karnizlar Rossiyadan maxsus qog‘ozlarga o‘ralib keltirilgan.
Oltinchi xona shiftining o‘rtasiga ganch o‘ymakorlik ustalari tomonidan musulmon dinining ramzi yarim oy va yulduzlar naqshi tushirilgan, yana rus ustalari bu xona shiftining to‘rt tomoniga bittadan farishtalar rasmini moy bo‘yoqlar bilan yasashgan. Buning natijasida bir xonaning o‘zida ham musulmon, ham xristian diniga mansub ramziy belgilar paydo bo‘lgan.
Mehmonxonaning ettinchi xonasi shiftiga tovus patining gullari chiroyli qilib yasalgan va har xil rangdagi qimmatbaho toshlar o‘rnatilgan. Devorlaridagi ganch o‘yma naqshlari juda nafis qilib ishlangan va tilla rang bilan bo‘yalgan.
Xon saroyini qish kunlari qizdirish uchun Rossiyadan ettita chinni (fayans) pechkalar keltirilgan. Bu pechkalar yakka plitkadan iborat bo‘lib, ularni rus ustalari qurib berganlar. Pechkalar saksovul bilan qizdirilgan.
Xiva xonligida yana bir yangilik, mehmonxona uchun elektr qandillarining keltirilishi bo‘lgan. Qandillar katta va og‘ir bo‘lganligi sababli, saroy tomida maxsus yog‘och qurilmalar ishlangan. Ana shu piramidasimon qurilmalarga qandillar osib qo‘yilgan. Qandillardagi elektr lampochkalarni yoqish uchun Xivaga o‘n olti ot kuchiga ega bo‘lgan kichkina dvigatelь keltirilgan. Xivada birinchi marta elektr lampochkasini Volga bo‘yidagi Sizran shahridan chaqirilgan Muso Sabanovich Yangio‘razov yoqqan.
Qabulxona qurilishi uchun xazinadan 70 ming tillo (126 ming so‘m) xarajat qilingan. Mehmonxona bitishi munosabati bilan Muhammadrasul Mirzo bir tarix bitgan. Bu tarix marmar toshga Xudaybergan muhrkan tomonidan o‘yib yozilgan va mehmonxonaning yozgi eshigi ustiga o‘rnatilgan, unda jumladan shunday misralar bor:
Dilkusho qasrki xishtidur oning la’lu gavhar,
Ko‘rsa harkim loyi tuprog‘ini, mushk aylar xiyol.
O‘tmish ayvoni ravoqi osmonning boshidin,
Bergusi Iso damin esgach ravoqidin shamol.
Sahnining maydoni oning sofdur oyinadek,
Hovuzining obi erur chun yor la’lida zilol.
Gulshani ichra oning ming rang gullar ochilib,
Boqsa harkim bo‘yiga, aylar oni Jannat xiyol.
She’r ahli ul qasrni har necha tavsif etsa gar,
Mingidin birin ado qilmoq olarga yo‘q majol.
Ul bino ma’muri sadri Akbari a’zam erur,
Oni xush tadbiri birla xalq erur osuda hol.
Ismi oning Sayyid Islom Xojai oliy nasab,
Shoh amriga qilur chobuklik ila imtisol.
Shahlo Ismoilova
Xiva “Ichan-Qal’a” davlat muzey - qo‘riqxonasi ilmiy xodimi.
Xivadagi Nurullaboy saroyi