XVIII asr boshida qurilgan Sherg‘ozixon madrasasi Ichan qal’aning janubiy tamonida, Pahlavon Mahmud maqbarasining ro‘parasida joylashgan. Madrasa Xiva xoni Sherg‘ozixon Xurosonga qilgan yurishi chog‘ida qurila boshlangan. Madrasaning g‘arbidagi bosh tarziga tutash qilib qurilgan kichik go‘rxonaga xon jasadi dafn etilgan. Madrasa bosh tarzi 2 qavatli. Ulkan peshtoq orqali kiraverishda gumbazli miyonsaroy, uning 2 burchagida chortoq tarhli, gumbazli masjid va darsxonalar joylashgan. Miyonsaroy tepasidagi kichik hujralar talabalar uchun yotoqxona bo‘lgan. Devorlariga tokcha, taxmon, kosamonlar ishlangan. Hovli atrofidagi 1 qavatli qator hujralar oldi ayvonli bo‘lib, hovli o‘rtasida hovuz joylashgan. Madrasa bezaklari saqlanmagan. Yoxud bino umuman bezatilmagan.
Yozma manbalar ma’lumotigan qaraganda, Sherg‘ozixon ilmi tolib uchun ko‘p ishlar qilgan, zamonasining ko‘p olim va fuzalo va shoirlari bilan suhbatda bo‘lgan. Quyidagi tarixda keltirishicha, bu madrasa bino qilingandan so‘ng, tarixchilar uni «Maskani Fozilon» (Olimlar uyi) deb topishgan. “Maskani fozilon”da O‘rta Osiyolik va qozog‘istonlik yoshlar ta’lim olgani to‘g‘risida tarixiy ma’lumotlar bor. Turkman xalqining buyuk shoiri Maxtumquli-Firog‘iy (1733 – 1793), qozoqlarning mashhur so‘fiysi, murabbiy Beket Ahmad (1750 – 1813) va qoraqalpoqlarning ulug‘ shoiri Ajiniyoz (Hoji Niyoz Qo‘siboy o‘g‘li) (1824 – 1878) shular jumlasidandir.
Madrasada bugungi kunda Maxtumquli Firog‘iy, Beket ota, Hoji Niyoz Qo‘siboy o‘g‘lining bu madrasada o‘qigani va ularning merosi to‘g‘risida ko‘rgazmalar ochilgan.
Sherg‘ozixon madrasasi