Qozi – kalon madrasasi 1905 yilda Xiva xonining bosh qozisi Muhammad Salim Oxun tomonidan qurdirilgan. Salim oxun 30 yoshida Xiva shahrining bosh qozisi mansabiga ko‘tarilib, o‘zining kuchli bilimi va iqtidori tufayli umrining oxirigacha uzoq yillar bu mansabda ishlagan. Madrasaning bosh fasadi shahar ko‘chasiga qaragan mo‘’jazgina bu inshoot g‘arbiy va sharqiy darvozalarni ko‘ndalang o‘qini bir- biri bilan birlashtirib turadi. Madrasaning burchak devoriga tashqi tomondan tirgak sifatida to‘rtta guldasta qurilgan. Guldasta oq, ko‘k va yashil koshin qoplamalari bilan bezatilgan. Baland peshtoq ostidagi kichikroq darvoza (o‘yma eshik, qo‘sh tabaqali) orqali usti yopiq 3 ta gumbaz bilan bostirilgan miyonsaroyga kiriladi. Madrasaga kirilgach chapda darsxona, o‘ngda masjid joylashgan bo‘lib, uning 16 hujrasi bor. Hujralarning eshik va derazalari ayvon tomonga qarab qurilgan. Har bir hujrada o‘choq bor. Ayvonda quduq bo‘lib chuqurligi 8-10m. Madrasaning tashqi va ichki peshtoqlarida arab alifbosida falsafiy ma’nodagi yozuvlar bor. Madrasa o‘z qiyofasi va sahni bilan uncha katta bo‘lmasada o‘qitish uslubi bilan boshqa madrasalardan farq qilgan. Unda diniy bilimlar bilan bir qatorda fiqh-shariat qonunlari, turli zakot va soliqlar yig‘ish, yani huquqshunoslik bilimlari berilgan.
Hozirda bu madrasada «Xorazm musiqa tarixi” muzeyi joylashgan.
Qozi - kalon madrasasi