XIX asr o‘rtalarida Olloqulixon tomonidan qurilgan me’moriy yodgorlik. To‘g‘ri to‘rtburchak tarhli, burchaklariga guldasta — minoralar ishlangan. Karvonsaroyga shimoliy va janubiy peshtoq orqali kiriladi. Uning keng hovlisi va hovli atrofidagi 2 qavatli hujralar bir xil hajmda 105 tani tashkil qiladi. Hujralar hovli sahniga qaratilgan. Burchaklaridagi 8 ta hujralar gumbazi baland qilib ishlangan, ular eshik tepasidagi tobadon panjaralari orqali yoritiladi. Tomi balxi gumbazli. Xovliga kiriladigan yo‘lak 2 tomondan peshtoq bilan chegaralangan. Peshtoq qanotlari ichida 2-qavatga olib chiqiladigan aylanma zinalar bor. Pastdagi xonalarda yuk saqlangan, yuqoridagilaridan mehmonxona sifatida foydalanilgan.
Karvonsaroyning tashqi va ichki tuzilishida o‘ziga xos tomonlar bor. Hovli o‘rtasi ot – aravaga mol yuklash uchun qulaylashtirilgan. Tim karvonsaroyga nisbatan keyinroq qurilgan. Karvonsaroyning bosh tarzi tim qurilishida tamoman o‘zgartirilgan.
Tim ichkarisi gumbazlardagi tuynuklar orqali yoritilgan. Timda savdo rastalari joylashgan.
. Olloqulixon Karvon saroy va Timdan tushadigan daromadni madrasaga qo‘shimcha vaqf qilib bergan.
Olloqulixon karvonsaroyi Tim