Sayyid Alouddin maqbarasi Ichon – Qal’a arxitektura yodgorliklari ichida qadimiylaridan biri bo‘lib, XIV asr yodgorligidir. U qal’aning g‘arbiy darvozasiga yaqin joylashgan Muhammad Niyoz devonbegi madrasasining sharqiy tomonida bo‘lib, peshtoqli, kvadrat shakldagi ikki xona – ziyoratxona (xonaqoh) va go‘rxonadan iborat. Maqbaraning ziyoratxonasi baland va katta gumbaz bilan yopilgan, qabrxona esa kichik gumbaz bilan bostirilgan. Qabrxona bilan ziyoratxonani yog‘och panjara ajratib turadi. Ichki devorlar ganch bilan suvalgan. XIV asr tarixchilaridan Imom Yofiy va Ahmad Roziy xorazmlik mashhur shayxlar ro‘yxatiga Sayyid Alouddinni ham kiritib, uni shayx Najmiddin Kubrodan keyin yirik shayx bo‘lgan deydilar. Bu so‘zlarni Abdurahmon Jomiyning “Nafahot al-uns” (Do‘stlarning nafasi) kitobidan ham o‘qisa bo‘ladi. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida jumladan quyidagilarni o‘qiymiz,-“Shayx Alouddin Xorazmiy buzurg imom Yofiy bilan yaqin sirdosh bo‘lgan ekan. Imom Yofiyga aytgan ekanlarki, beixtiyor haj safariga borar ekan. Unga bu buyruq ekan”.
Xudoyberdi Qo‘shmuhammad o‘g‘li “Dili g‘aroyib”da shunday yozadi,-“Xiva qal’asining ichinda Sayyid Alouddin Xivaqiyning qabri bor va 300 ulug‘ mashoyix yotgandurlar. Va tashqarisinda hazrat shayx Abul Vafoyi Xorazmiy (XV asr) va uning atrofida yana ming nafar shayx osudadirlar”.
Maqbara devoridagi yozuvlarga qaraganda “Barcha ilmlarning kalitdori” nomini ham olgan shayx Sayyid Alouddinning maqbarasi uning shogirdi va muridi naqshbandiylar mazhabining taniqli namoyandasi so‘fi Amir Kulol tomonidan qurilgan ekan.
Maqbarada ikkita qabr bo‘lib, bittasida Sayyid Alouddin mangulikka bosh qo‘ygan, ikkinchisi esa bo‘sh turibdi. Aslida qabr bitta, faqat uning ustidagi sag‘anacha ikkita bo‘lgani uchun ikki qabr tasavvurini beradi. Qabr juda chiroyli yashil, ko‘k va oq rangli koshinlar bilan qoplangan. Bu koshinlardagi barcha naqsh gullari bo‘rtmaliligi bilan odatdan tashqari bir go‘zallik kashf etadi.
XIII-XIV asrlarda Xorazm koshinpazlik san’ati o‘zining sifati va badiiy jihozlanishi bilan yuksaklikka chiqqan edi. Sayyid Alouddin qabridagi chiroyli koshinlar Xivada yagona bo‘lib, uning tengdoshi va o‘xshashi Ko‘hna Urganchdagi Shayx Najmiddin Kubro maqbarasida, Samarqanddagi Amir Temurning singlisi Turkan aka maqbarasi peshtoqida va Shohi Zindadagi Qusam ibn Abbos qabrida uchraydi.
Qabr ustidagi ikkita sag‘anachaning bosh va oyoq uchlarida oppoq yozuvlar ko‘rinib turibdi. Bu yozuvlarning to‘rttalasida ham bir xil mazmundagi so‘zlar bitilgan, yozuv arab tilida va suls xatida bo‘lib, shunday o‘qiladi.
Shayxlarning shayxi, buyuk sayyidimiz Alouddin,
Vafoti bilan aziz Allohning marhamatiga etishdi.
Bizni tark etib ketishi baxtli sha’bon oyining,
Boshlanishidan o‘n kun o‘tgach sodir bo‘lgan edi.
Maqbara xonaqohining janubiy va g‘arbiy devorlarida ham yozuvlar bo‘lib, ular oq devorga qora rang bilan yozilgan. Bu yozuvlar ham tarix bo‘lib, maqbaraning ta’mirlangan vaqtidan xabar beradi.
Sayyid A’louddin maqbarasi