Palov o‘zbek oshxonasining eng tansiq taomi, xalqimizning mexmondo‘stligi va bag‘rikengligi ifodasi, dasturxonimiz ko‘rki. YuNESKO qo‘mitasi 11 – sessiyasida “Palov madaniyati va an’analari” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida Reprezentativ ro‘yxatga kiritildi. Bu xalqimiz boy madaniyatining xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofidir.
Dunyoda qancha millat bo‘lsa, ularning o‘z milliy oshxonasi bor va bu o‘sha xalqning milliy urf odatlari o‘zagi hisoblanadi. O‘zbek borgan hamma mamlakatda, albatta palov pishiriladi. Yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar asosan palov haqida o‘z yurtlarida maroq bilan gapirib berishadi. Dunyoning turli millat vakillari palovni sevib tanovul qilishadi.
Rivoyat qilinishicha, Ibn Sino bir holsiz bo‘lib qolgan bemor yigitchaning otasiga etti xil masalliqdan bo‘lgan taom o‘g‘lining dardiga davo bo‘lishini aytadi. Bu taom aynan palov bo‘lib masalliqlari yog‘, go‘sht, piyoz, sabzi, guruch, suv va tuz. Lekin keyinchalik ba’zan mavsumga va ta’bga ko‘ra qo‘shimcha mahsulotlar behi, o‘rik, sholg‘om, sarimsoqpiyoz, tuxum, no‘xot, qovoq, mayiz va boshqa masalliqlar solib tayyorlanadigan bo‘ldi..
Palov tayyorlash texnologiyasi va turlaridan tashqari uning an’anaviyligi ham ahamiyatli. Masalan, farzand tug‘ilganda – “aqiqa palov”, xatna to‘yi munosabati bilan “to‘y palov”, nikoh avvalida”fotiha palov”, qiz uzatilsa ham palov, nikoh to‘yida “nikoh palov”, kuyov kelganda “kuyov palov” tayyorlanadi. Choyxona palov, ehson palov, darveshona, xatto ba’zi do‘stlar arazlashib qolib, keyin yarashib olsalar “yarash palov” tayyorlanadi. Bularning bari palov xalqimiz uchun milliy yakdillik va mehr oqibatni mustahkamlash vositasi ekanidan dalolat beradi.
Palov o‘zbek madaniyatining bir bo‘lagi. Nafaqat oshxona madaniyati, balki muomala madaniyati hamdir. Palov barcha xalqni, millatni birlashtiradi. Chunki an’anaga ko‘ra osh bir laganga suziladi va asosan qo‘lda iste’mol qilinadi. Kulollar hatto palov uchun maxsus laganlar tayyorlashadi. Uning siri shundaki, lagan qo‘lni kuydirmaydi, ovqatni tez sovutmaydi. Qadimda kulollar bodyalarga ovqatlanish odobidan ta’lim beradigan yozuvlar yozishgan. Shunday yozuvli bodyalar Ichan qala muzey qo‘riqxonasi fondida saqlanmoqda, ko‘rgazmalarga qo‘yilmoqda. Asosan yozuvlar arab yozuvi, fors tilida:
Azon ro‘zi ki jannat ro banokard
Savobi kosalisi ro judo kard
Agar doni savobi kosa lisi
Ba juz kosa digar chizi na lisi.
Ya’ni ovqat eyishdan oldin va keyin qo‘lni yuvish, ovqatlanayotganda gapirmaslik kabi gigienik qoidalar keltirilgan.
Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan “Luchщee blyuda Food Festival 2017” festivalida xivalik Doniyor Masharipov muvaffaqiyatli qatnashib, diplom bilan taqdirlandi.
U 1985 yilda Xiva shahrida tug‘ilgan. “Yoshligimdan oshpazlikka qiziqqanman, deydi Doniyor. Palovning 200 xil turi mavjud. Har qaysi viloyatning palov pishirish usuli bor. Bizning Xorazmda ko‘proq suzma palov pishiriladi. Xalqimizda “kuningdan bir kuning qolsa palov e, pulingdan bir puling qolsa palov e” degan naql bor. Mehmonning siylovi ham asosan palov hisoblanadi. Mana men ishlayotgan “Mirzaboshi” mehmonxonasiga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlar ham palovni mehr bilan sevib iste’mol qilishadi”.
Ma’lumki arab alifbosida mavjud bo‘lgan har bir harf bir raqam(son)ni bildiradi. Bu abjad hisobi deyiladi. Abjad hisobi yordamida tarixiy voqealarning yilini topishdan tashqari bu usulda topishmoqlar ham to‘qilgan. O‘zbekiston xalq rassomi Abdulla Boltaev yozgan bir topishmoq shunday:
Sizga man esdalik aylab yozibon bu kichik xatni
O‘qibon ma’nosin anglab, qilibon katta jur’atni
Boshi 80, bo‘yin 30, beli 1 dur oyoq olti
Raqamni harf qilib yozsa, qilursiz katta g‘ayratni.
Raqamni harf qilganda “palov”so‘zi kelib chiqadi.
Yaqinda Ichan Qal’a muzey qo‘riqxonasida o‘tkazilgan “Palov – o‘zbek milliy taomi” ko‘rgazmasi ham o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, ushbu boyliklarni kamol topib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarda tarixiy meros va xalq an’analariga hurmat - ehtirom tuyg‘ularini uyg‘otish, milliy taomlarimizni keng targ‘ib etishda muhim axamiyat kasb etdi.
Xiva “Ichan Qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi
“Qadimgi Xorazm madaniyati tarixi” bo‘limi ilmiy xodimi: Meylieva Z
Palov – o‘zbek milliy taomi.